
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-321-son qarori (https://lex.uz/uz/docs/-6110840)asosida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida Koreya Respublikasi Hukumatining 14 million dollar miqdoridagi grant mablag‘lari evaziga «Koreyaning agrar sohaga oid texnologiyalarni transfer qilish ofisi» barpo etilmoqda. Ofis Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi «Ahmad Yassaviy» MFY hududida qurilmoqda. Hozirda ushbu ofis binosining qurilish ishlari so‘nggi bosqichga kirgan. Shu munosabat bilan Milliy markaz rahbariyati hamda Koreya mashinasozlik sanoati assotsiatsiyasi (KOAMI) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda koreyalik mutaxassislar loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etdilar. Bino qurilish ishlari joriy yilning may oyida to‘liq yakunlanishi, keyingi bosqichda uni jihozlash va infratuzilmalarga ulash jarayonlarini amalga oshirilishi muhokama qilindi. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Loyiha Koreya savdo-sanoat va energiya vazirligi, Koreya mashinasozlik sanoati assotsiatsiyasi (KOAMI), Texnologiyalarni rivojlantirish instituti (KIAT), CAMTIC ilg‘or mexatronika texnologiya instituti hamda “Agro Solution Korea” kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarilmoqda.
Loyihaning yakuniy bosqichida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini transfer qilish, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirish, raqamli agrotexnologiyalarni joriy etish hamda O‘zbekistonda “Aqlli qishloq xo‘jaligi” tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va sohaning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
