
Bugun kunning ikkinchi yarmida Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda Oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning Global texnik forumida ishtirok etayotgan xorijlik mehmonlar Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi paxta dalalarida bo‘ldi.
Dala tashrifi davomida mehmonlar O‘zbekistonda paxta yetishtirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar, amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar va sohada to‘plangan amaliy tajriba bilan yaqindan tanishdi.
Xorijlik mutaxassislar zamonaviy terim mashinalari yordamida paxta terish jarayonini bevosita dala sharoitida kuzatib, paxtachilikda mexanizatsiya va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasiga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, mehmonlarga g‘o‘zapoyadan biochar tayyorlash texnologiyasi, zamonaviy urug‘ ekish seyalkalari hamda paxtani qo‘shqator usulida ekishning samaradorligi va ahamiyati haqida mamlakatimiz mutaxassislari tomonidan ma’lumot berildi.
Alohida e’tibor joriy yilda paxta dalalarida tajriba tariqasida qo‘llanilayotgan rangli plyonkalarga qaratildi. Mazkur texnologiyaning tuproq namligini saqlash, o‘simlik rivojini rag‘batlantirish va agrotexnik jarayonlar samaradorligini oshirishdagi imkoniyatlari haqida xorijlik mehmonlarga batafsil tushuntirish berildi.
Dala tashrifi xalqaro forumlar doirasida bildirilayotgan fikr va g‘oyalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, turli mamlakatlar mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Bugungi kunda paxtachilikda zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish, resurslarni tejash, chiqindilarni qayta ishlash va yer unumdorligini oshirishga qaratilgan yondashuvlar O‘zbekiston agrar sohasining yangi qiyofasini namoyon etmoqda.




Manba: Telegram kanali



