
Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish, davlat tiliga hurmatni kuchaytirish hamda yozma savodxonlikni oshirishga bag‘ishlangan navbatdagi ma’rifat soati o‘tkazildi.
Tadbirda o‘zbek tilining taraqqiyoti, uning ilmiy va rasmiy faoliyatdagi o‘rni, ona tilimizning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xodimlarning davlat tilini bilish darajasi, imloviy savodxonligi va rasmiy uslub me’yorlariga rioya etish ko‘nikmalarini baholash maqsadida yozma diktant tashkil etildi.
Bunday tashabbuslar yozma savodxonlikni oshirish, ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, rasmiy hujjatlarda davlat tili me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash, mavjud imloviy va uslubiy xatolarni aniqlash hamda bartaraf etish, ilmiy atamalarni o‘zbek tilida aniq va to‘g‘ri ifodalash ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ilm-fan va innovatsiyalar sohasida tayyorlanadigan har bir hujjat, ilmiy maqola va amaliy tavsiyaning mazmunan aniq, tili ravon hamda imloviy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi muhim. Shu bois davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Tadbir yakunida davlat tili qoidalariga rioya etish, ona tilimizning nufuzini oshirish va kasbiy faoliyatda savodxonlikka amal qilish har bir xodimning kundalik mas’uliyati ekani ta’kidlandi.





Manba: Telegram kanali



