
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri, taniqli olim, akademik Ibrohim Abdurahmonov “Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar” yo‘nalishi bo‘yicha 2026-yilgi GCHERA Jahon qishloq xo‘jaligi mukofoti (World Agriculture Prize) laureati deb topildi.
Mazkur nufuzli xalqaro mukofot olimning qishloq xo‘jaligi fani, biotexnologiya, innovatsiya, ta’lim va davlat boshqaruvi sohalaridagi ko‘p yillik ilmiy-amaliy faoliyati, agrar mahsuldorlikni oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shgan salmoqli hissasining xalqaro e’tirofi bo‘ldi.
Ibrohim Abdurahmonovning ilmiy faoliyati paxta genomikasi, molekulyar genetika, genetik xaritalash, markerlarga asoslangan seleksiya, bioinformatika va biotexnologiya kabi zamonaviy yo‘nalishlarni qamrab oladi. Olimning o‘simliklardagi genetik mexanizmlarni o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlari paxtaning muhim gen oilalarini aniqlash va tavsiflash, shuningdek, “Porloq” turkumiga mansub paxta navlarini yaratishga xizmat qildi.
Ushbu navlar ertapisharligi, tola sifatining yaxshilangani va murakkab ekologik sharoitlarga bardoshliligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida olib borilgan tadqiqotlar natijasida paxta genofondidagi genetik xilma-xillikni chuqur o‘rganish imkoniyatlari kengaydi. Genetik bog‘liqlik va assotsiativ xaritalash usullari orqali tola sifati hamda iqtisodiy ahamiyatga ega boshqa belgilar bilan bog‘liq DNK-markerlar aniqlanib, zamonaviy seleksiya jarayonlarini takomillashtirish uchun muhim ilmiy asoslar yaratildi.
Ta’kidlash joiz, Ibrohim Abdurahmonov tashabbusi bilan 2012-yilda O‘zbekiston Genomika va bioinformatika markazi tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur markaz genomika, molekulyar seleksiya, bioinformatika va biotexnologiya sohalarida mintaqadagi yetakchi ilmiy muassasalardan biri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Markazda xalqaro universitetlar va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda paxta, bug‘doy, kartoshka, bog‘dorchilik ekinlari va boshqa muhim agrar yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Olimning faoliyatida yosh tadqiqotchilarni tayyorlash, zamonaviy ilmiy maktablarni shakllantirish va genomika, proteomika, bioinformatika hamda biotexnologiya sohalarida yuqori malakali kadrlar salohiyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ta’lim, ilmiy rahbarlik va xalqaro hamkorlik loyihalari orqali Markaziy Osiyodagi talabalar va yosh tadqiqotchilarning zamonaviy laboratoriyalar, ilg‘or seleksiya texnologiyalari hamda xalqaro ilmiy tarmoqlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.
2013-yilda ta’sis etilgan Qishloq xo‘jaligi va tabiat fanlari bo‘yicha oliy ta’lim assotsiatsiyalari global konfederatsiyasi (GCHERA)ning Jahon qishloq xo‘jaligi mukofoti qishloq xo‘jaligi va inson farovonligiga ilmiy kashfiyotlar, yetakchilik, innovatsiyalar hamda amaliy faoliyat orqali salmoqli va uzoq muddatli hissa qo‘shgan olim va mutaxassislarga beriladi.
2026-yilgi mukofotning Ibrohim Abdurahmonovga topshirilishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fani, genetika va biotexnologiya sohalarida erishilayotgan natijalarning xalqaro miqyosdagi yana bir yuksak e’tirofidir. Laureatlarni taqdirlash marosimi 2026-yil 28-oktabr kuni Nankin qishloq xo‘jaligi universitetida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Manba: Telegram kanali



