Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro forum o‘z ishini yakunladi

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro forum o‘z ishini yakunladi

Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro forum o‘z ishini yakunladi.

Forumning yopilish marosimida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda savdo-logistika imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan bildirilgan fikr va takliflar sarhisob qilindi.

Tadbir davomida iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklanishi, logistika zanjirlaridagi uzilishlar va xalqaro bozorlardagi o‘zgarishlar oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z nutqida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, logistika, savdo, ilm-fan, innovatsiya va moliyalashtirishni yagona tizim sifatida rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, xalqaro tajriba almashinuvi, ilg‘or texnologiyalarni birgalikda joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish barqaror oziq-ovqat tizimlarini shakllantirishning muhim omili ekani qayd etildi.

Forum yakunida ishtirokchilar oziq-ovqat xavfsizligi umumiy mas’uliyat ekani, ushbu yo‘nalishda davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi borasida yakdil fikr bildirdilar.

Forum o‘zaro tajriba, bilim va tashabbuslarni birlashtirgan muhim xalqaro muloqot maydoni sifatida o‘z ishini yakunladi. Endilikda unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirish muhim vazifa bo‘lib qoladi.

Manba: Telegram kanali

Scroll to Top