

O‘zbekistonda ilk bor sanoat usulida zaytun yetishtirish bo‘yicha amaliy qadam qo‘yildi. Milliy Markaz tizimidagi akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Gruziyaning «Global Olive Corporation» kompaniyasi bilan imzolangan kelishuv doirasida mamlakatga 4 200 tup “Gemlik” navi zaytun ko‘chatlari olib kelindi va ular ilmiy muassasaning Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasida ekildi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, xalqaro tajribani o‘rganish va zaytun yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Hamkorlik doirasida mutaxassislar almashinuvi, zaytun plantatsiyalarini samarali parvarishlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borish va mahsuldorlikni oshirishga oid tajribalarni o‘rtoqlashish rejalashtirilgan.
Zaytun yetishtirish nafaqat oziq-ovqat sanoati uchun muhim, balki eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Kelgusida O‘zbekistonda zaytun maydonlarini kengaytirish va mahsulotni qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda.

