Milliy markaz tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug’chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalar ilmiy -tadqiqot institutining 1-bosqich tayanch doktoranti Jamoliddin Jabborov «Gʻo‘zaning yuqori tola chiqimi va sifatiga ega hamda biotik omillarga bardoshli birlamchi ashyolar yaratish» mavzusida tadqiqot olib bormoqda. Bu haqida u bugun Milliy markazda bo’lib o’tgan «Doktorantlar kuni» seminarida ma’lum qildi. Ekspertlarga tadqiqotdan ko’zlangan maqsadni quyidagicha bayon qildi: «Vilt bilan tabiiy zararlantirilgan muhitda g‘o‘zaning mahalliy nav va tizmalarini topkross usulida chatishtirish asosida yuqori tola chiqimi va sifatiga ega bo‘lgan, biotik omillarga (o‘rgimchakkana, shira, trips) bardoshli birlamchi seleksion ashyolarini me’yoriga yetkazish hamda tanlangan seleksion tizmalarni konkurs nav sinoviga topshirishdan iborat» deya ta’kidladi. Tadqiqot obyekti sifatida g’o’zaning yangi «SP-2531», «SP-2532» navlari hamda «K-2712» va «BML-408» tizmalari hamda otalik sifatida «S-8290», «Omad» g‘o‘za navlari va «MTCH-2736» tizmalari tanlab olingan. Ekspertlar taqdimot bilan tanishganch, tadqiqotning ahamiyatini yuqori baholashdi. Biroq yaxshi natijaga erishish uchun ilmiy izlanishlarda izchillikka rioya etish va ustozlar fikrlarini inobatga olib tadqiqotni pishiq o’tkazishni ta’kidladilar.


