Yosh olimlarning ilmiy ishlari tahlil qilindi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida ilmiy izlanuvchilar uchun “Doktorantlar kuni” doirasida navbatdagi seminar tashkil etildi.

Seminarda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tahsil olayotgan doktorantlar ishtirok etib, o‘z ilmiy ishlari, olib borayotgan izlanishlari va kelgusidagi rejalariga oid atroflicha ma’lumot berishdi.

Dastlab Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Abdulla Raximov o’zining “Sarsabil yetishtirish texnologiyasini ilmiy asoslash” mavzusida olib borayotgan ilmiy izlanishlari davomida qo’lga kiritayotgan natijalar asosida ekpertlar oldida taqdimot qildi. U o’z chiqishida sarsabil o’simligini mahalliy tuproq-iqlimga sharoitiga moslashtirish va oziq ovqat mahsuloti sifatidagi ahamiyati xususida to’xtaldi.

Shundan so‘ng, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Hurmatoy Jo‘raeva “Sholidan yuqori va sifatli hosil yetishtirishda resurstejamkor agrotexnologiya elementlarini ishlab chiqish” mavzusida o‘z tadqiqotlari natijalarini taqdim etdi. Tadqiqotning asosiy vazifalari esa sholi ko‘chatlarini sifatli yetishtirish uchun maqbul agrotexnologik sharoitlarni belgilash, turli ekish muddatlarining o‘sish, rivojlanish va fotosintetik faollikka ta’sirini o‘rganish, don hosildorligi va sifati ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash hamda ikki marotaba hosil olish imkonini beruvchi resurs tejamkor texnologiya elementlarini ishlab chiqishdan iboratdir.

Seminarning muhokama qismida ishtirokchilar taqdimotchilardan o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Ekspertlar esa taqdimotlarda keltirilgan fakt va natijalarni tahlil qilgan holda erishilgan natijalarni e’tirof etib, yo’l qo’yilgan kamchiliklarini tuzatish, tadqiqotning puxtaligini ta’minlash maqsadida tavsiyalar berishdi.

Прокрутить вверх