Yosh olimlar ilmiy izlanishlari natijalari haqida taqdimot qildi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Doktorantlar kuni” doirasida navbatdagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Zoom platformasi orqali tashkil etildi va unda turli yo‘nalishlarda tadqiqot olib borayotgan tayanch doktorantlar o‘z ilmiy ishlari natijalarini taqdim etdilar.

Seminarni Markaz direktori o‘rinbosari O. Amanov ochib, bunday uchrashuvlar yosh tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy muhokama va tajriba almashish maydoni ekanini ta’kidladi. Dastlabki taqdimot akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Yo‘ldashev Shavkatjon Atxamjon o‘g‘li tomonidan amalga oshirildi. U “Eksportbop qulupnay navlarini kasallikka chidamli turlarini tanlash hamda in-vitro sharoitida ko‘chat yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi tadqiqoti haqida ma’lumot berdi. Tadqiqot davomida eksportbop qulupnay navlarida uchraydigan asosiy zamburug‘ kasalliklari o‘rganilib, kasallikka chidamli navlar saralandi.
Shuningdek, in vitro sharoitida virussiz va barqaror ko‘chatlar yetishtirish bo‘yicha amaliy natijalar taqdim etildi.

Ikkinchi taqdimot O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Norboyeva Dilnoza Solijon qizi tomonidan o‘tkazildi. U “Tritikale nav va tizmalarida qurg‘oqchilikka chidamlilikning morfo-fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari” mavzusidagi tadqiqoti bilan tanishtirdi. Tadqiqotda turli tritikale navlarining suv tanqisligi sharoitidagi barqarorligi, o‘sish reaksiyasi va biokimyoviy ko‘rsatkichlari solishtirib tahlil etilgani qayd etildi.

Seminar yakunida savol-javoblar va muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Ekspertlar ikki doktorantning ishlarida salmoqli ilmiy natijalar mavjudligini ta’kidlab, Yo‘ldoshev Shavkatjon ishida mavzu bog‘liqligini kuchaytirish, Norboyeva Dilnoza tadqiqotida esa ayrim ko‘rsatkichlarni yanada chuqur tahlil qilish zarurligini qayd etdilar.

Tadbir yakunida mutaxassislar doktorantlarga ilmiy izlanishlarni davom ettirish, laboratoriya va dala tajribasini kengaytirish va kelgusidagi taqdimotlar sifati yanada oshirilishini tavsiya qildi. Seminar “Doktorantlar kuni”ning yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotganini yana bir bor tasdiqlаdi.

Прокрутить вверх