Yosh olimlar ilmiy izlanishlar natijalarini taqdim etdi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Doktorantlar kuni” doirasida seminar tashkil etildi. Unda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktorantlari ishtirok etib, ilmiy izlanishlari davomida qo‘lga kiritgan natijalarini taqdim etdi.

Dastlabki so‘z Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Jahongir Mengniyozovga berildi. U “Romen salat (Lactuca sativa var. longifolia) introduksiyasi, nav namunalarini tanlash va yetishtirish texnologiyasining ayrim elementlarini ishlab chiqish” mavzusidagi tadqiqotlari natijalari bilan tanishtirdi. Uning ta’kidlashicha, kolleksiya bo‘yicha o‘rganilgan 8 ta nav namunasi qimmatli xo‘jalik belgilarini namoyon etdi. Ularning vegetatsiya (o‘suvchanlik) davri 60–64 kungacha davom etdi. Morfologik belgilariga ko‘ra, navlar 20–22 sm balandlikka, 20–25 sm uzunlikdagi yirik barglarga va 12–15 sm gacha barg eniga ega. O‘rtacha bir bosh salatning vazni 620–655 grammni tashkil qilib, 1 m² maydondan 3 250–3 400 grammgacha hosil olindi. Niderlandiya seleksiyasiga mansub Kvintus, Rossiya seleksiyasiga mansub Korolovskiy, shuningdek Turkiya seleksiyasiga mansub Duru navlari ajratib olindi. Ular erta bahorda vitaminli mahsulot yetishtirish va salat turlarini kengaytirish imkonini beradi.

Shundan so‘ng, Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Abduvosi Yalgo‘shev “Zarafshon vohasi sug‘oriladigan maydonlari uchun yumshoq bug‘doyning hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan boshlang‘ich manbalarini yaratish” mavzusidagi ilmiy tadqiqotlari haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha,mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu jarayonda serhosil, don sifati yuqori, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar yaratish va ularning urug‘chiligi tizimini rivojlantirish muhim vazifalardan biridir.

Tadqiqotlar doirasida u ICARDA va CIMMYT xalqaro markazlari hamda O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutida jamlangan 200 ta nav namunasi ustida ish olib borilgan. Ushbu materiallar asosida Zarafshon vohasida sug‘oriladigan yerlar uchun intensiv tipdagi, hosildorligi va sifati yuqori bo‘lgan kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini yaratish maqsad qilingan.

Tadbir yakunida har ikki doktorantning taqdimotlari yuzasidan ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Ular yosh olimlarning yutuqlarini e’tirof etib, ayrim taklif va tavsiyalarni ham berdilar.

blank
blank
blank
blank
Прокрутить вверх