Shalola Hasanova — yosh olima. U hozirda Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining I bosqich tayanch doktoranti.
Qulupnay — yurtimizda eng koʻp yetishtiriladigan va bozorda talabi yuqori boʻlgan rezavor ekinlardan biri. Biroq sifatli va hosildor navlar yetishmasligi dehqonlar uchun katta muammo boʻlib qolmoqda.
Shalola Hasanovaning tadqiqoti aynan shu muammoni bartaraf etishga qaratilgan.
U qulupnayning yangi, tezpishar, stressga chidamli, sifati yuqori duragaylarini yaratish ustida ishlamoqda. Qulupnay duragaylarini urugʻdan yetishtirish murakkab jarayon boʻlsa-da, yosh olima molekulyar genetika yondashuvlari orqali bu yoʻldagi toʻsiqlarni yengib oʻtmoqda.
Hozirgacha oq, zargʻaldoq va qizil rangga ega yangi duragaylar olindi. Tadqiqotlar davom etmoqda.


