Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan so‘nggi yillarda ilmiy-innovatsion yondashuvlar orqali yer resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Jumladan, turli iqlim sharoitlarida g‘alladan keyin qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, bir yilda ikki marta hosil olish, hosildorlik va tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu izlanishlar institutning Navoiy viloyatidagi ilmiy-tajriba stansiyasi dalalarida ham muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilmoqda.
Tajriba tariqasida 5 gektar maydonga ekilgan kuzgi yumshoq bug‘doyning o‘ta ertapishar “Ultra” navidan har gektaridan 60 sentnerdan ortiq don hosili olindi. Ahamiyatlisi, ushbu navning jadal vegetatsiyasi tufayli u may oyining ikkinchi o‘n kunligida yig‘ib olindi.
Bug‘doydan bo‘shagan yerga 19-may kuni takroriy ekin sifatida g‘o‘zaning “S-01” navidan ekildi. Ayni vaqtda g‘o‘zalar qiyg‘os gullab, har bir poyada 3–4 tadan ko‘sak shakllangan.
Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, shuningdek, yangi navlar seleksiyasi orqali yerning har bir qarichidan samarali foydalanish imkoniyati ortmoqda. Bu esa institut tomonidan joriy etilayotgan ilmiy-innovatsion yondashuvlarning amaldagi natijasidir.

