Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi xodimlari doimiy ravishda ilg‘or xorij tajribalarini o‘rganib, mamlakatimiz agrar sohasida samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda Markazning mutaxassisi Abdullaxon Shukurov Yaponiyaning JICA (Japan International Cooperation Agency) tashkiloti ko‘magida sakkiz oy mobaynida ushbu mamlakatning ilg‘or agrotexnologiyalari, innovatsion yechimlari va raqamli qishloq xo‘jaligi tizimini o‘rganib qaytdi.
Bugun Milliy markazda “Yaponiya qishloq xo‘jaligidagi innovatsion yondashuvlar va ularning O‘zbekiston sharoitida qo‘llanish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Markaz xodimlari ishtirok etdilar.
Abdullaxon Shukurov taqdimot davomida Yaponiyadagi agrar ta’lim tizimi, xo‘jalik yuritishning zamonaviy modellari, xususan, aqlli suv tejovchi texnologiyalar, dron orqali yetishtirish nazorati, hamda tomchilatib sug‘orishni raqamli boshqarish tizimi haqida atroflicha ma’lumot berdi.
— Yaponiyada qishloq xo‘jaligi faqat dehqonchilik emas, balki ilmiy-amaliy yo‘nalish sifatida qaraladi. Har bir xo‘jalikda raqamli monitoring tizimi bor. Hosildorlik, tuproq namligi, suv sarfi — barchasi elektron baza orqali nazorat qilinadi. Bu orqali tejamkorlik va samaradorlik yuqori bo‘ladi, — dedi Abdullaxon Shukurov suhbat jarayonida.
Shuningdek, u Yaponiyada fermerlar va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik tajribasi, yangi navlarni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash jarayonidagi qat’iy standartlar haqida ham ma’lumot berdi.
Davra suhbati ishtirokchilari Yaponiya tajribasini mamlakatimiz sharoitida qo‘llash yo‘llari bo‘yicha fikr almashdilar.


