
Agrar soha ilmini rivojlantirishda xitoylik olimlar bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Shu kunlarda Xitoyning Sinszyan ishlab chiqarish va qurilish korpusi Fan va texnologiyalar boshqarmasi bosh muovini Li Xun rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonda xizmat safarida bo‘lib turibdi. Safar doirasida mehmonlar Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Milliy markazda o‘tgan uchrashuvda Markaz direktori o‘rinbosari Bunyod Mamoraximov delegatsiya a’zolariga mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ilmida amalga oshirilayotgan yangiliklar, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik hamda Xitoy bilan olib borilayotgan qo‘shma loyihalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.



Xitoylik olimlar o‘z tajribalari asosida tuproqqa singib ketadigan ekologik toza plyonka texnologiyasi haqida so‘z yuritdi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu texnologiya qishloq xo‘jaligida tuproqning ifloslanishining oldini olish, hosildorlikni oshirish va suv resurslarini tejashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Delegatsiya mazkur innovatsion yondashuvni O‘zbekiston sharoitiga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik qilish taklifini ilgari surdi.
Uchrashuvda, shuningdek, paxta seleksiyasi masalalari ham keng muhokama qilindi. Yangi navlarni yaratish, iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan va yuqori hosildor o‘simliklarni tanlash, genetik resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish zarurligi qayd etildi. Tomonlar birgalikda laboratoriya ishlari tashkil etish, mutaxassislar almashinuvi va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon hamkorlikni kengaytirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash, yangi texnologiyalarni joriy etish va uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishdi.

