Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida Koreya Respublikasining “GLOSEE KOREA AGRICULTURAL CORPORATION” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar institutda yaratilgan sharoitlar, tajriba maydonlari hamda u yerda olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ularga ilmiy izlanish olib borayotgan olimlarning faoliyati va ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi haqida ham ma’lumot berildi.
Tomonlar Koreya texnologiyasi asosida kartoshka urug‘i yetishtirish bo‘yicha hamkorlik qilish, shuningdek, tajriba maydonida zamonaviy urug‘chilik usullarini amaliyotga joriy etish yuzasidan kelishuvga erishdilar. Ushbu hamkorlik doirasida yuqori sifatli, hosildorligi yuqori va turli kasalliklarga chidamli kartoshka urug‘larini yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Yangi texnologiyalar asosida yetishtirilgan kartoshka urug‘lari amaldagi navlardan sezilarli ustunlikka ega bo‘lib, mamlakatimizda urug‘chilik sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ekologik barqarorlikka hissa qo‘shish maqsadida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

