
Bugun Milliy markazda ish kuni muhim vazifalarni rejalashtirish va mavjud jarayonlarni tahlil qilish bilan boshlandi. Haftaning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan yig‘ilishda ilmiy-tajriba stansiyalarida bahorgi ekin ekish tadbirlarining amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglanib, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov ilmiy-tajriba stansiyalari faoliyatini chuqur tahlil qilib, ayrim obyektlarda kechikishlar kuzatilayotganini ta’kidladi. Ushbu holatni bartaraf etish maqsadida mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi va sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
Yig‘ilishda, shuningdek, bahorgi ekin ekish jarayonini tezlashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqildi. Mutaxassislar va fermerlar o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Milliy markaz huzurida tashkil qilinayotgan “Aql markazi”ni qurish, zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlash va yuqori salohiyatli ilmiy kadrlar bilan ta’minlash masalasi ham muhokamalar markazidan o‘rin oldi. Milliy markaz rahbariyati hududlardagi faoliyatni nazorat qilishni kuchaytirish, mas’ul shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish va amaliy natijalarni tezlashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.


