Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, ekinlar hosildorligini oshirish va fermerlarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish va yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.


Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston urug‘chilari uyushmasi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ta’sis kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotning ustavi va ta’sis hujjatlariga qator qo‘shimcha hamda o‘zgartirishlar kiritish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov so‘zga chiqib, urug‘chilikda erkin raqobat muhitini shakllantirish, bozor mexanizmlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini sifatli urug‘lik bilan ta’minlash, shuningdek, sertifikatlangan urug‘larni tayyorlash jarayonini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
Shuningdek, uyushmaning moddiy-texnika bazasini yaratish, uyushmaga a’zo bo‘lish hamda yillik a’zolik badallari miqdorini belgilash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu o‘z o‘rnida uyushma faoliyatining barqaror moliyaviy asosini ta’minlaydi.
Yig‘ilish davomida uyushmaning boshqaruv organlariga ham saylovlar o‘tkazildi. Shuningdek, tashkilotning Direktorlar kengashi tarkibi ham yangilandi.


