Yurtimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari bugun ham qizg‘in davom etdi. Ushbu tadbir nafaqat obodonlashtirish va tozalik ishlari, balki xalqimizning asrlar davomida qadrlab kelayotgan birdamlik va hamjihatlik an’analarini yana bir bor namoyon etdi.
Hashar xalqimizning ma’naviy merosida o‘chmas o‘rin tutadi. U — qo‘shnilik rishtalarini mustahkamlaydigan, jamoatchilikni bir maqsad yo‘lida birlashtiradigan, eng avvalo, o‘zaro yordam va mehr-oqibat ramzidir. Shu bois, xayriya hasharining har bir kuni jamiyatimizda ezgulik va totuvlik kayfiyatini kuchaytirdi.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi jamoasi ham bugungi hasharda faol ishtirok etdi. Erta tongdan boshlangan ishlar davomida Markaz hududi tartibga keltirildi, atroflar tozalandi.
Shuningdek, Milliy markaz tizimidagi barcha ilmiy muassasalar va Respublika agroxizmatlar markazi jamoalari ham umumxalq hashari jarayonida jonbozlik ko‘rsatdilar. Tashkilotlar hududlari va ularga eltuvchi yo‘llar ozoda qilindi, mevali va manzarali daraxtlarga ishlov berildi. Bu esa hududlarning yanada ko‘rkam qiyofa kasb etishiga xizmat qildi.
Umumxalq hashari — xalqimizga xos qadriyat va ma’naviy yuksalishning yorqin namunasidir. Bunday ezgu amaliyotlar kelgusida ham obod turmush, sog‘lom muhit yaratish va bir-birimizga ko‘maklashish yo‘lida muhim omil bo‘lib qolaveradi



