Toshkentda “Xitoy–Markaziy Osiyo” forumi bo‘lib o‘tmoqda

Bugun Toshkent davlat agrar universitetida “Xitoy–Markaziy Osiyo fan va texnologiyalari: Biologik xavfsizlik hamda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov ochib berdi. O‘z nutqida u qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va bioxavfsizlikni ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Forum doirasida paxtachilikda innovatsion yondashuvlar, biologik urug‘chilik, zamonaviy agrotexnika va qishloq xo‘jaligi bioxavfsizligiga oid masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda. Anjumanda O‘zbekiston, Xitoy, Turkiya va Qozog‘istondan taniqli olimlar ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashmoqda.

Tadbir davomida ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish maqsadida xorijiy hamkor tashkilotlar bilan anglashuv memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan. Forum, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalarni shakllantirish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab berish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх