Toshkent davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tayotgan “Xitoy–Markaziy Osiyo fan va texnologiyalari: Biologik xavfsizlik hamda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish” xalqaro forumining ikkinchi qismi mazmunli taqdimotlar bilan davom etdi.
Forum doirasida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov so‘zga chiqib, markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, iqlim o‘zgarishi sharoitida olib borilayotgan ilmiy loyihalar va xalqaro hamkorlik natijalari haqida batafsil axborot berdi.
Ma’ruza davomida u Xitoy bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar, xususan, genetik jihatdan o‘zgartirilgan Bt-genli g‘o‘za navlarining yurtimizda ekilayotgani va ijobiy natijalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, “XinLuZao-52” va “XinLuZao-78” singari navlar 2024-yilda 70 sentnergacha hosildorlik ko‘rsatgani va o‘zining yuqori tolachiqimi, zararkunandalarga chidamlilik kabi afzalliklari bilan ajralib turgani ta’kidlandi.
Forum ishtirokchilari bunday fikr almashuvlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy yondashuvlar va amaliy tajribalarni uyg‘unlashtirish orqali sohaga yangi innovatsiyalarni olib kirishga turtki berishini qayd etdilar.


