
Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda poytaxtimizda Koreya Respublikasining Osiyo oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi hamkorlik tashabbusi (AFACI) doirasidagi RATES va Veg-Breeding loyihalari bo‘yicha xalqaro baholash seminari bo‘lib o‘tmoqda.



Tadbirlarda Osiyoning 13 ta davlatidan kelgan 58 nafar ekspert ishtirok etmoqda. Bugun seminar ishtirokchilari ikki guruhga bo‘lingan holda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Markaz tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lishdi. Birinchu guruh Milliy markaz hududida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Meva-sabzavotchilikda ilg’or texnologiyalar o’quv markazi», zamonaviy issiqxonalar hamda Ummon Sultonligi bilan hamkorlikda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Atyab International Services” xalqaro standartlash va sertifikatlash laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ishtirokchilarning ikkinchi guruhi esa Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, ilmiy muassasada olib borilayotgan tadqiqot jarayonlari hamda olimlar tomonidan yaratilgan sabzavot ekinlarining resurstejamkor yangi navlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’ldilar.



Institut direktori Rustam Nizomov mehmonlarga ilmiy muassasaning mamlakatimiz agrar sohasida fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi.