Toshkent davlat agrar universiteti tashkil etilganligining 95 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya O’tkazildi

Toshkent davlat agrar universiteti tashkil etilganligiga 95 yil to‘lmoqda. Yubiley munosabati bilan “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgan. Anjumanni Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida ushbu tabarruk maskanning mamlakatimiz ilm-fanidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, bu ilm maskani yurtimiz agrar sohasi uchun yetuk olimlar va malakali mutaxassislar yetkazib berganini ta’kidladi hamda ushbu sana munosabati bilan universitetning barcha bitiruvchilariga o‘zining samimiy tabrigini yo‘lladi.

Anjuman doirasida universitet hududida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy ishlanmalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari, jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ko‘rgazmada namoyish etilgan ilmiy ishlanmalar bilan yaqindan tanishdi. Vazir olimlar va yosh tadqiqotchilarning ishlanmalarini yuqori baholab, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berdi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida keng qo‘llash zarurligini ta’kidladi.

Kunning ikkinchi qismida esa konferensiyaning plenar sessiyasi davom etdi. Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ma’ruzalarda iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyada Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. U o‘z so‘zida ta’lim, ilm va innovatsiyani ishlab chiqarishga tatbiq etishdagi uzviy zanjirning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Shodmon Namozov Toshkent davlat agrar universitetining 95 yillik yubileyi munosabati bilan professor-o‘qituvchilarni samimiy tabriklab, kelgusidagi ilmiy va amaliy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Прокрутить вверх