To‘qsonbosti usulida sabzi yetishtirish

Sabzi yetishtirish uchun engil mexanik tarkibga ega yer maydonlarini ajratish kerak. Tuproqning kislotalilik darajasi neytral yoki biroz past bo‘lishi lozim (pH 5.5–7).

Eng yaxshi o‘tmishdosh ekinlar: bodring, piyoz, pomidor, erta kartoshka va karam. Ayniqsa, bu ekinlar uchun organik o‘g‘itlar solingan bo‘lsa, hosil yanada yaxshiroq bo‘ladi. Bundan tashqari, qishki yoki bahorgi boshoqli don ekinlaridan keyin sabzini takroriy ekin sifatida yetishtirish mumkin. Chunki bunday dalalar odatda begona o‘tlar bilan kamroq egallangan bo‘ladi.

Sabzidan yuqori hosil olish uchun urug‘larni tayyorlash va ularning sifatiga katta e’tibor qaratish kerak. Mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan urug‘lardan foydalanilganda, ularni ekishga yaroqli holatga keltirish ishlari bajariladi.

Avvalo, sabzi urug‘larini bir-biriga ishqalab, yirik va mayda urug‘larga ajratish kerak. Bu ishni maxsus elaklar yordamida amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, urug‘larni osh tuzi yoki ammiak selitrasining 3 foizli eritmasiga solib, saralash mumkin.

Sabzi urug‘i to‘qsonbosti usulida:

janubiy viloyatlarda 1–30 dekabr,

markaziy viloyatlarda 15 noyabrdan – 15 dekabrgacha,

shimoliy viloyatlarda 1 noyabrdan – 1 dekabrgacha ekiish tavsiya etiladi.

Ushbu usulda asosan ildizmevasi qizil rangli mahalliy Ziynatli, Farovon yoki xorijiy Shantane 2461, Kuroda Shantane, Nantskaya 4, Kanada va Karson kabi nav va duragaylar ekiladi.

Urug‘ sarfi gektariga 5–6 kg ni tashkil etadi. Sabzi urug‘lari 1,5–2 sm chuqurlikka, 52×8 yoki 62×8 sm sxemada yoki qo‘lda sochib ekiladi. To‘qsonbosti usulida sabzi urug‘i sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi.

Bahorda sabzi urug‘lari unib chiqqach, darhol begona o‘tlar ikki marta o‘taladi va yaganalanadi. Dastlabki o‘tash sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3–4 barg chiqarganda o‘tkaziladi. Har o‘tash jarayonida yaganalash ham amalga oshiriladi.

Shuningdek, begona o‘tlarni yo‘qotish uchun gerbitsidlardan foydalanish mumkin. Bunda bir yillik o‘tlar uchun:

ekishdan oldin gektariga Gezagard-50 yoki Prometrin preparatlari 2–3 kg hisobida, begona o‘t urug‘i unib chiqqunga qadar yoki 1–2 chinbarg chiqqan paytda,

Fyuzilad Super 12,5% preparati esa 1–2 kg/ga miqdorda, begona o‘tlar 2–4 barg chiqargan vaqtida purkaladi.

Bundan tashqari, sabzi ikkinchi marta yaganalanib, o‘tdan tozalangandan keyin qator oralari traktor kultivatori yordamida yumshatiladi.

Sabzi yetishtirishda tuproqning to‘yintirilgan dala nam sig‘imiga nisbatan sug‘orishdan oldingi namlik 70–75% bo‘lishi kerak. Urug‘ning unib chiqishi uchun qish va bahorda yog‘in miqdori odatda yetarli bo‘ladi. Faqat ba’zi yillarda, bahor yog‘ingarchiligi kam bo‘lgan hollarda, urug‘ning unib chiqishini tezlashtirish maqsadida urug‘ suvi beriladi.

Прокрутить вверх