To‘qsonbosti usulida sabzavot yetishtirish

Dehqonchilikda “to‘qsonbosti” usuli dehqonlarimiz tomonidan qadimdan qo‘llab kelinadi. Bu usulda ekilgan urug‘lar 90 kunlik qishni qor ostida bosib o‘tadi. Shu sababdan ham bu usulni dehqonlarimiz “qorbosti” yoki “to‘qsonbosti” deb atashadi.

To‘qsonbosti usulda sabzavot yetishtirish — erta ko‘klamda, “ilikuzildi” kezlarida yurtimiz bozorlarini, aholi dasturxonini darmondorilarga boy sarhil sabzavotlar bilan to‘ldirish, narx-navoni barqarorlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlarini kengaytirib borishda muhim ahamiyatga ega.

Ushbu usulning afzalliklari shundaki, sabzavotlar qish oldidan ekilganda, urug‘lar past haroratdagi namlikda ko‘pchib bo‘kadi, yarovizatsiya davrini tabiiy sharoitda qishlab o‘taydi, nimjon urug‘lar unmaydi, haqiqiy baquvvat urug‘lar esa erta bahorda past haroratda maysalaydi.

Shu bilan birga, bahorda ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Har doim ham ekish va urug‘larning unishi uchun qulay sharoit yaratilavermaydi. Qish oldidan ekilgan ekinlar esa ob-havoga qarab qulay unib chiqish davrini o‘zi aniqlaydi. Hatto, yerlarning loy sovuq bo‘lib qulay muddatning cho‘zilishi yoki qurg‘oqchil kelib tuproq namining qochishi ham bu ekinlarga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Yuqori sifatli hosil olish uchun, avvalo, har bir ekinning biologiyasi, uning o‘suv davrida ozuqaga bo‘lgan talabi, ekish muddatlarini aniq bilish va yetishtirish jarayonidagi har bir tadbir o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishini ta’minlash zarur.

To‘qsonbosti uslubida ekilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerda juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.

Keyingi postlarimizda ushbu usulda ekiladigan ekinlar yuzasidan batafsil ma’lumot beramiz. Bizni kuzatib boring!

Прокрутить вверх