
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sayyora Xolmirzayeva ishtirok etdi.
Professor Sayyora Xolmirzayeva o‘z ma’ruzasida tilning millat hayotidagi beqiyos o‘rni va ahamiyati haqida fikr bildirib, shunday dedi:
“Tilini yo‘qotgan el — yo‘qlikka mahkum. Ona tilini avaylash, yot so‘zlardan asrash — har birimiz uchun muqaddas burch.”



Shuningdek, Sayyora Xolmirzayeva bu bayramni millat uchun eng ulug‘ bayramlardan biri sifatida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, til — millatning ko‘zgusi, xalq borligini, uning ruhi va ma’naviy boyligini namoyon etuvchi bebaho ne’matdir.
– Sayyoramizda o‘zbek tilida so‘zlashadigan xalq borligi — bu millatning tirikligini, ma’naviy qudratini ko‘rsatuvchi ulkan boylikdir, – deya ta’kidladi maʼruzachi.
Tadbir davomida Milliy markaz xodimlari va Sayyora Xolmirzayeva o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida ona tilining tozaligini saqlash, yoshlarda tilga ehtirom va muhabbatni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.



Tadbir so‘ngida xalqimizning atoqli adibi, Sayyora Xolmirzayevaning otasi Shukur Xolmirzayev ijodi yodga olindi. Adibning o‘lmas asarlaridagi milliy ruh, insonparvar g‘oyalar va hayotiy obrazlar hozir ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani ta’kidlandi.