Bugungi kunda sholichilikdagi eng dolzarb masala – yuqori avlodli urugʻlik!
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ushbu masalaning yechimi ustida izchil ish olib bormoqdalar.
Bugun Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Urugʻchilik va urugʻshunoslik laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Qodirovning “Sholining birlamchi urugʻchiligini tashkil etish” mavzusidagi drayver ilmiy loyiha taqdimoti ham aynan shu mavzuga bagʻishlandi.
Taqdimot davomida sholining yuqori avlodli urugʻlarini yaratish, seleksiya jarayonlarida sifat koʻrsatkichlarini oshirish, hududlarda urugʻ yetishtirish tizimini takomillashtirish va amaliyotga innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari keng yoritildi. Shuningdek, rayonlashtirilgan va istiqbolli sholi navlarining boshlangʻich urugʻchilik koʻchatzorlarini tashkil etish, yuqori avlodli sifatli oila koʻchatzori urugʻlik materiallari, superelita va elita urugʻliklarini yetishtirish mexanizmlari haqida maʼlumot berildi.
Loyiha natijalariga koʻra, sholining “Iskandar”, “Lazurniy”, “Sadaf”, “Tarona” va “Mustaqillik” navlaridan 648 tonna yuqori avlodli urugʻlik tayyorlanishi, 4050 gektar maydonda yuqori avlodli urugʻlik ekilishi va hosildorlikning 20–30 foizga oshishi koʻzda tutilgan.
Mazkur loyiha orqali sholi navlarini hudud iqlim sharoitlariga moslashtirish, hosildorlikni oshirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini sifatli urugʻlik bilan taʼminlash, aholi daromadlarini koʻpaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga erishish rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida mutaxassislar va ishtirokchilar tomonidan loyihani amalga oshirish mexanizmlari, innovatsion yondashuvlar hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.


