Qishloq xoʻjaligi sohasini ilmiy yondashuv asosida rivojlantirish maqsadida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Fargʻona viloyati Yozyovon tumanida sholichilikni kengaytirishga qaratilgan muhim ishlar bilan shugʻullanmoqda. Jumladan, tuproq-iqlim sharoitiga mos, yuqori hosilli sholi navlarini ekologik sinovdan oʻtkazish, koʻrgazmali koʻchatzorlar tashkil etish hamda resurstejamkor agrotexnologiyalarni ishlab chiqish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Alibek Tursunov sinovdan oʻtayotgan navlarning viloyat iqlimiga moslashuv darajasini oʻrganib, “Bahrombek” fermer xoʻjaligida amalga oshirilayotgan sholi ekish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. U oʻz taassurotlari va tajribalari bilan oʻrtoqlashar ekan, Fargʻonada qumloq tuproqlar, suv tanqisligi va shoʻr sharoitlarga mos sholi navlarini yaratish orqali “Fargʻona tajribasi”ni shakllantirish muhimligini taʼkidladi va viloyat rahbariyati olimlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

