Sarimsoqpiyoz ekishga tayyormisiz?

So‘nggi yillarda sarimsoqpiyoz daromadli ekin turiga aylanib bormoqda. Uni ekib yetishtirgan dehqonlar barakali daromadga ega bo‘lyapti. Hademay sarimsoqpiyoz ekish mavsumi boshlanadi. Tadbirli dehqonlar esa ekishga allaqachon tayyorgarlikni boshlab yubordilar. Quyida sizlarga Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tayyorlagan tavsiyani havola qilamiz.

Ekish muddati hududlarga qarab farqlanadi: shimolda avgust oxiri, markazda sentabr boshi, janubiy hududlarda esa sentabr o‘rtalarigacha ekish tavsiya etiladi. Mayskiy Vir, Yujno-Fioletovoy, Chidamli, Janub, Surxon vohasi kabi navlar yaxshi natija beradi.

Ekish uchun sog‘lom, katta va qurimagan tishlar tanlanadi. Har bir piyoz bosh 7–12 tishdan iborat bo‘lib, ular alohida ekiladi. Tishchalar 7–10 sm oraliqda, 25 mm chuqurlikda, 70 sm egatga uch qator qilib joylashtiriladi. Bir gektarga 1,0–1,5 tonna tishcha sarflanadi. Tuproq namligi dala nam sig‘imining 75–80% bo‘lishi zarur. Sug‘orish me’yori 500–600 m³/ga, janubda 7–9 marta, markazda 5–7 marta, shimolda 5–6 marta suv beriladi. Hosilga 2–3 hafta qolganida sug‘orish butunlay to‘xtatiladi.

O‘g‘itlashda har gektarga 20–40 tonna chirigan go‘ng, 150–200 kg azot, 140–160 kg fosfor va 60–70 kg kaliy beriladi. Yangi go‘ng solish mumkin emas, u hosilning kechikishiga va saqlanish sifatining pasayishiga olib keladi. Fosfor va kaliyning asosiy qismi shudgorlash ostiga, azot esa uch qismga bo‘lib beriladi: ekish oldidan 30–40 kg, birinchi o‘tokdan keyin va 2–3 haftadan so‘ng. Qator oralarini yumshatish, chopiq qilish, begona o‘tlarni yo‘qotish, gulpoyalarni sindirish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va chirindi yoki plonka bilan mulchlash hosildorlikni oshiradi.

Hosil odatda may oyida soxta poya quriy boshlaganda yig‘ib olinadi. Har 100 m² dan 2–3 ts hosil olinadi. Piyoz boshlarini yaxshi saqlash uchun +1…+3°S haroratda, havo namligi 60–70% bo‘lgan xonada saqlash tavsiya etiladi. Saqlashga ingichka bo‘yinchali, po‘sti qurigan boshlar yaroqli hisoblanadi.

Sarimsoqpiyoz ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lib, uning tarkibida 64–66% suv, 6,7% oqsil, 26% qand va kraxmal, 1,4% mineral moddalar va 10–12 mg% vitamin C mavjud. Undagi efir moylari unga o‘ziga xos ta’m va shifobaxshlik beradi.

Qisqa qilib aytganda, sarimsoqpiyozni o‘z vaqtida ekish, me’yorda sug‘orish va to‘g‘ri o‘g‘itlash yuqori hosil va barakali daromadning garovi hisoblanadi

Прокрутить вверх