Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida g‘o‘zaning yangi, yuqori samarali navlarini yaratishga qaratilgan seleksiya ishlari jadal davom etmoqda.
Xususan, 2024-yilda mahalliy g‘o‘za navlariga xorijiy, Xitoyning XinLiZao 78 navi bilan chatishtirish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur nav genetik jihatdan o‘zgartirilgan bo‘lib, ko‘sak qurti zararkunandasiga chidamli (Bt geni asosida), yuqori tola chiqimiga ega bo‘lgan istiqbolli nav hisoblanadi.
Mahalliy seleksiya materiallarining samaradorligini oshirish, ularni ko‘sak qurtiga chidamliligini mustahkamlash, erta yetilishi va sifatli tola berishi kabi xususiyatlarini yaxshilash maqsadida bekkross usulida chatishtirish ishlari olib borilmoqda.
2025-yil 3-iyuldan boshlab Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi mutaxassislari tomonidan XinLiZao 78 navi bilan oldingi bosqichda olingan F1 duragaylariga bekkross chatishtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda XinLiZao 78 va 11 ta mahalliy navlar o‘rtasida umumiy hisobda 1465 ta g‘o‘za gulida bekkross chatishtirish muvaffaqiyatli bajarildi.
Bundan tashqari, bugungi kungacha XinLiZao 78 navini yana 4 ta mahalliy g‘o‘za navi bilan reciprok (to‘g‘ri va qaytma yo‘nalishda) qo‘shimcha chatishtirish orqali 512 ta g‘o‘za gullari changlatildi. Bunday yondashuv chatishtirish natijalarining genetik jihatdan yanada aniqligini ta’minlaydi va seleksiyada yangi istiqbolli duragaylar olinishi ehtimolini oshiradi.
Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi xodimlarining asosiy maqsadi — Xitoyning ko‘sak qurtiga chidamli, erta pishar, tola sifati yuqori XinLiZao 78 navining foydali genlarini Samarqand viloyati tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan mahalliy navlarga o‘tkazish orqali kelajakda yuqori samaradorlikka ega boshlang‘ich seleksiya materiallarini yaratishdan iboratdir.





