Samarqandda paxta terimiga tayyorgarlik: barcha kuchlar bir maqsad yo‘lida


Avval xabar berganimizdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishchi tashrif bilan Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi. Unga tizim tashkilotlari rahbarlari hamda Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi a’zolari hamrohlik qilmoqda. Tashrif davomida viloyatning qator tumanlarida dala maydonlarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Hojiakbar yashil dalalari” fermer xo‘jaligi dala maydoni ham o‘rganildi. Fermer xo‘jaligining 50 gektar yer maydoniga mahalliy “Sulton” navi yakkaqator usulda ekilgan bo‘lib, hozirda paxtaning taxminan 30 foizi ochilgan. Asosiy maqsad — hosilni bitta bosqichda samarali yig‘ib olish.



Vazir Ibrohim Abdurahmonov bu jarayonda defoliatsiya ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish eng muhim omil ekanini ta’kidladi. Bu choralar paxta maydonlarida hosilning bir xilda ochilishiga xizmat qilib, mexanizatsiya asosida tezkor va sifatli terimni ta’minlaydi.
Dala maydonida o‘tkazilgan suhbat chog‘ida mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Barcha kuchlarni birlashtirish, har bir gektarda mehnat samaradorligini oshirish va vaqtni tejash masalalari alohida muhokama qilindi. Chunki bugungi kunda agrar sohadagi eng asosiy maqsad — mehnat unumdorligini yuksaltirish va fermer xo‘jaliklarini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishdir.