Sabzavotchilik ilmini rivojlantirishda ystuvor vazifalar belgilandi

Sabzavotchilik ilmini rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa — mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi uchun sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yangi, serhosil va kasalliklarga chidamli navlarini yaratish, sohaga doir ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirishdan iborat.

Institutning ilmiy jamoasi mazkur ustuvor vazifalarni yuqori malaka, salohiyat va tizimli izlanishlar asosida bajarmoqda. Buni olimlar tomonidan yaratilgan yangi navlar, zamonaviy agrotexnologiyalar va amaliy ahamiyatga ega ilmiy ishlanmalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov rahbarligida institutda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham ushbu yo‘nalishdagi yutuqlar alohida e’tirof etildi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda institut faoliyatida sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, yirik ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yildi, xalqaro hamkorlik kengaydi, nav yaratish va urug‘chilikda yangi texnologiyalar joriy etildi va fermerlar bilan amaliy hamkorlik kuchaytirildi.

Tadbir davomida vazir o‘rinbosari Alisher Shukurov yig‘ilish ishtirokchilariga shu paytgacha institut direktori vazifasida ishlab kelgan Rustam Nizomov Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi maslahatchisi lavozimiga tayinlangani munosabati bilan direktorlik lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, institut direktori o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Ibrohimov Bahodir Akmal o’g’li vaqtincha institut direktori vazifasini bajarib turishi e’lon qilindi.

Yig‘ilish yakunida institutning kelgusi faoliyati uchun ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, yangi nav va duragaylar yaratish va urug’chiligini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda fermerlar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Прокрутить вверх