Qovun yetishtirish O‘zbekistonda nafaqat an’anaviy dehqonchilik yo‘nalishi, balki zamonaviy seleksiya, ilmiy tadqiqot va eksport salohiyatining yuksak namunasi sifatida rivojlanmoqda. Mahalliy iqlim va tuproq sharoitlariga moslashtirilgan serhosil navlar, xalq seleksiyasi yutuqlari va boy genofond tufayli mamlakatimiz bugun jahonda eng sifatli qovunlar yetishtiriladigan hududlar qatorida yetakchi o‘rinni egallab turibdi.
Markaziy Osiyoda, ayniqsa O‘zbekistonda qovun yetishtirish bo‘yicha boy tajriba shakllangan. O‘zbekistonda xalq seleksiyasi natijasida 150 dan ortiq mahalliy navlar yaratilgan bo‘lib, ular orasida “Oqurug‘”, “Bo‘rikalla”, “Ko‘ktinna”, “Shakarpalak”, “Qizilurug‘”, “Obi novvot” kabi navlar keng tarqalgan va mashhurligi bilan ajralib turadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston hududida ekish uchun tavsiya etilgan qovun navlari soni 56 taga yetgan bo‘lib, ularning 73 foizi mahalliy seleksiya mahsulotlaridir. Bu esa seleksiya va urug‘chilik sohasida erishilayotgan yutuqlarning yorqin ifodasidir.
Yangi, eksportbop navlar ustida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida «Suyunchi-2», «Zar gulobi», «Lazzatli», «Oltin vodiy», «Kichkintoy», «Dilxush», «Gulobi Xorazmiy» kabi yuqori sifatli va bozorda talab yuqori bo‘lgan navlar yaratilgan. Bugun ushbu navlar ko‘plab xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ham qovunchilik rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Institutda respublikaning barcha vohalaridan to‘plangan 274 dan ortiq mahalliy navlar kolleksiyasi mavjud. Ularning urug‘ unuvchanligini saqlab qolingan bo‘lib, hozirda tajriba maydonlarida yana ekilib, o‘rganilmoqda.
Qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli, hosildorligi yuqori, tuproq-iqlim sharoitiga mos qovun navlarining keng ommalashuvi — bu nafaqat iqtisodiy foyda, balki milliy qishloq xo‘jaligining mustahkam ilmiy asoslarga tayanib rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda seleksionerlar tomonidan serhosil, kasalliklarga chidamli, sifati yuqori va eksportbop qovun navlarini yaratish borasida katta yutuqlarga erishildi. Ular orasida “Lazzatli”, “To‘yona”, “Oltin vodiy”, “Roxat”, “Gurlan”, “Amudaryo”, “Suyunchi-2”, “Gulobi Xorazmiy”, “Zar Gulobi”, “Sahovat”, “Kichkintoy”, “Dilxush”, “Ko‘k mag‘iz” kabi navlar alohida ahamiyatga ega.
Shulardan “Suyunchi-2”, “Zar gulobi”, “Lazzatli”, “Oltin vodiy”, “Kichkintoy” kabi navlar hozirda eksportbop navlar sifatida tan olingan bo‘lib, ko‘plab xorijiy bozorlarga yo‘l olmoqda.

