
Amarant — qadimdan inson tomonidan yetishtirilgan qimmatli don va ozuqaviy o‘simlik hisoblanadi. Uning doni protein va aminokislotalarga boy, barglari esa sabzavot sifatida ishlatiladi. Shuningdek, amarant qurg‘oqchilikka va turli tuproq sharoitiga chidamliligi bilan ham alohida ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Xalqaro Iqlim va biologik resurslarni saqlash tashkiloti (IKBA) bilan hamkorlikda amarantni hudud iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha tajribalar olib bormoqda.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, o‘simlik qurg‘oqchilik va sho‘rlanish sharoitiga chidamli ekanligini ko‘rsatdi. Bu esa suv tanqisligi va tuproq sho‘rlanishi yuqori bo‘lgan hududlarda amarantni muqobil ekin sifatida joriy etish imkonini beradi.
Tadqiqot 2026-yilgacha davom etadi va mutaxassislar uning yakunlari mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi mumkinligini qayd etmoqdalar.