Xabar berganimizdek, Milliy markaz tizimidagi Don sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida “Qoraqalpog‘iston Respublikasida stress omillariga bardoshli, yuqori hosil beruvchi boshoqli don ekinlarining yangi navlarini yaratish va birlamchi urug‘chilikni tashkil etish” mavzusida ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Teshayev, Jo‘qorg‘i Kengashning agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi A. Jumanazarov, tuman hokimi, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari ICARDA xalqaro tashkiloti, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda olib borilayotgan boshoqli don ekinlarining qurgoqchilikka chidamli, tezpishar yangi navlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan introduksiya va sinov ishlari haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, birlashma direktori D. Utambetov tomonidan Qoraqalpog‘iston sharoitiga mos, yuqori hosildor boshoqli don ekinlarining yangidan yaratilgan navlari hamda birlamchi urug‘chilik tizimida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqida ma’lumot berildi. Tadbir davomida ishtirokchilarning savollariga batafsil javoblar qaytarildi.


