Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar, xususan, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Video-konferens-aloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda vazirlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalari, tizim tashkilotlari rahbarlari, Respublika Soliq qo‘mitasi mutasaddilari, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmalari boshliqlari, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi a’zolari, shuningdek, tegishli idoralar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda «Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni loyihasiga batafsil to‘xtalindi.


Xususan, mazkur Farmon loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – 2026–2027-yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy tovar aylanmasini kamida uch baravar oshirish ekanligi ta’kidlandi. Shu maqsadda 2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan paxta va g‘alladan tashqari mahsulotlar realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi joriy etiladi.
Bu yangilik fermer va dehqonlar uchun katta qulaylik yaratadi. Eng asosiysi, ular ishlab topgan daromadlarini rasmiylashtirishdan cho‘chimay, erkin savdo qilishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi 3 kun ichida avtomatlashtirilgan tartibda qaytarilishi belgilangan. Bu tizimning shaffofligini oshiradi va tadbirkorlar vaqtini tejaydi.



Yig‘ilishda Farmon loyihasi atroflicha muhokama qilinib, mas’ullar ishtirokchilarning savollariga javob berdi. Muloqot davomida qator takliflar ilgari surildi. Muhimi, mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini joylarda keng targ‘ib qilish, fermer va dehqonlarga tushuntirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shu tariqa, yaqin yillarda qishloq xo‘jaligida yashirin tovar aylanmasi kamayishi, rasmiy iqtisodiyot esa barqaror o‘sishi kutilmoqda. Fermerlar esa bu imkoniyatdan unumli foydalanib, iqtisodiyotimiz rivojiga hissa qo‘shishi lozim.