
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq xo‘jaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalari kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning malakasini oshirishga qaratilgan ilk o‘quv kurslari bugun yakuniga yetdi.
Mazkur kurs Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda respublikaning turli hududlaridan kelgan pedagog kadrlar ishtirok etdi.
Bir oy davom etgan o‘quv jarayonida ishtirokchilarga pedagogik bilimlarni yangilash, dars berish jarayonidagi zamonaviy metodlar va texnologiyalardagi yangiliklar o‘rgatildi. Darslarning dastlabki kunlarida qatnashchilar kirish testi orqali bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Kurs yakunida esa yakuniy test imtihoni orqali ishtirokchilarning olgan bilimlari baholandi.
Mazkur ilk kurs pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini yanada oshirish bilan birga, ularning zamonaviy yondashuvlar asosida dars berish salohiyatini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

