Qishloq xo‘jaligi sohasidagi manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiya holatlari haqida jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha murojaat

blank

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Xalilov Safarali Akbaraliyevichning Qishloq xo‘jaligi sohasidagi manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiya holatlari bo‘yicha xabar berish mumkin bo‘lgan aloqa kanallarini soha xodimlariga va jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha murojaati.

Assalomu alaykum hurmatli jamoatchilik (fuqarolar) va Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari.

Hozirgi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olishga, unga qarshi kurashishga, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya omillariga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari misolida ham ko‘rish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abduraxmonov boshchiligida Vazirlik tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Barchaga ma’lum, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-417-son hamda 2024 yilda qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son qonunlari Qishloq xo‘jaligi vazirligining barcha tizim tashkilotlariga (ko‘rgazmali taqdimot materiallari, buklet, flayer va videodarsliklar orqali) yetkazildi.

Shu bilan birga bo‘lim tomonidan korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaning oldini olishga doir targ‘ibot tadbirlari, vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv seminarlari va davra suhbatlari tashkil etilib borilmoqda.

Men, qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha xodimlarni korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishga, xar qanday korrupsion va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga jiddiy to‘sqinlik qilishlariga, o‘z hamkasblari va jamoadoshlarini xar qanday ko‘rinishdagi korrupsion qilmishlar va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yishidan qaytarishga, korrupsion holatlarga va manfaatlar to‘qnashuviga shohid bo‘lgan taqdirda huquqni muhofaza qilish organlariga hamda o‘z rahbariga yoki yuqori turuvchi tashkilot mas’ul xodimlariga xabar berishga, korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyiliga tayangan holda korrupsiya bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlarda ishtirok etmaslikka, boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilmaslikka, pora olish yoki g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeyingizdan noqonuniy foydalanmaslikka chaqiraman.

Korrupsiya illatiga qarshi kurashda nafaqat soha vakillari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldir. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning oldini olishga ishlashimiz lozim.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarining qonunchilikka zid xatti-harakatlari yoki harakatsizliklarining guvohi bo‘lsangiz yoki xodimlarning korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, vazirlikning quyida keltirilgan aloqa kanallari orqali o‘z murojaatlaringizni qoldirishingizni tavsiya etaman.

1. lshonch telefoni: 1243. 

2. Telegram bot: @uzagroanticorruptionbot 

3. Rasmiy veb sahifa: gov.uz/agro/ 

4. Elektron pochta manzili: info@agro.uz

5. Mas’ul xodimlar: 95-018-22-42, 94-369-29-58.

Yo‘llangan murojaatlaringiz va xabarlaringiz qonunchilikka asosan ko‘rib chiqiladi, korrupsion holatlar tasdiqlangan taqdirda keskin choralar ko‘riladi.

E’tiboringiz uchun katta raxmat!

Прокрутить вверх