Qashqadaryoda bekkross chatishtirish orqali xorijiy gʻoʻza navlaridagi ustuvor genlarni mahalliy gʻoʻza navlariga oʻtkazish ishlari olib borilmoqda

Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo ilmiy-tajriba stansiyasida 2024 yil davomida seleksiya sohasida zamonaviy yutuqlarga asoslangan tadqiqotlar izchil amalga oshirildi.

Mazkur tadqiqotlar doirasida 16 ta mahalliy gʻoʻza navi — 13 ta oʻrta tolali (Buxoro-6, Buxoro-8, Buxoro-10, Buxoro-102, Porloq-4, Ravnаq-1, OʻzPITI-2601, SP-2602, SP-2635, Shahrisabz-1, S-8292, S-7306, Oʻnqoʻrgʻon-2) va 3 ta ingichka tolali (Qashqadaryo-5, Marvarid, Surxon-16) nav Xitoyda yaratilgan XinLuZao-78 navi bilan retsiprok usulida chatishtirildi. Natijada 32 ta duragay kombinatsiyasi yaratildi.

Yaratilgan duragaylarda xorijiy navlarda mavjud boʻlgan ustun belgilarni — xususan, koʻsak qurti (Helicoverpa armigera) va begona oʻtlarga qarshi qoʻllaniladigan gerbitsidga chidamlilik genlarini mahalliy navlarga oʻtkazish maqsadida bekkross chatishtirish usuli qoʻllanildi. Shu maqsadda 2404 ta gul XinLuZao-78 xorijiy navi bilan chatishtirildi.

— Maqsadimiz, mahalliy navlarning iqlimga mosligi va tola sifati kabi afzal jihatlarini saqlagan holda, xorijiy navlardagi genetik afzalliklarni xususan, hasharotlar va kimyoviy vositalarga chidamlilik xususiyatlarini joriy qilishdir, — deydi qashqadaryolik seleksioner olimlar.

Bekkross chatishtirish usuli genetik belgilarni rejali ravishda mahalliy navlarga o’tkazish, duragaylarni saralash va ularni keyingi bosqichlarda mustahkamlash imkonini beradi. Bu esa kelgusida hosildor, chidamli va iqtisodiy samarali gʻoʻza navlarini yaratishda mustahkam ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi

Прокрутить вверх