
📍 Sirdaryo viloyatida “Paxtachilikda joriy etilgan yangi agrotexnologiyalar samarasi va xorijiy g‘o‘za navlarining hosildorlik ko‘rsatkichlari” mavzusida press-tur bo‘lib o‘tdi.
🌱 Tadbir Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda ommaviy axborot vositalari vakillari, soha mutaxassislari hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari ishtirok etdilar.



📝 Press-tur davomida “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti mutaxassislari paxta yetishtirishda ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazdilar. Xususan, uchuvchisiz uchish apparatlari — dronlar yordamida agrotexnik tadbirlarni bajarish jarayonlari ishtirokchilarga namoyish etildi.
🚜 Shuningdek, ishtirokchilar “Bashiran” rusumli paxta terish mashinalari yordamida amalga oshirilayotgan mexanizatsiyalashgan terim jarayonlarini kuzatdilar. Ular ushbu texnikaning unumdorligi, ishonchliligi ва mehnat samaradorligini oshirishdagi afzalliklari bilan yaqindan tanishdilar.
📰 Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi avlod paxta terish mashinalari dalaning relyefi, o‘simlik zichligi va tuproq namligiga mos ravishda ishlay oladi. Raqamli boshqaruv tizimi orqali esa terim jarayoni real vaqt rejimida monitoring qilinadi.



🚀 Zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining rivojida muhim bosqich bo‘lib, resurslardan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.