Paxtachilik ilmidagi yutuqlar, vazifalar va kamchiliklar muhokama qilindi

Paxta seleksiyasi, urug‘chilig‘i va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mamlakatimiz paxtachiligining o’zagi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, ushbu ilmiy muassasa O‘zbekistonda paxta ilmining markazi sanaladi. Bu institutda yaratilgan g‘o‘za navlari yaqin yillargacha mamlakatimizdagi paxta yetishtiriladigan umumiy maydonning qariyb 90 foizini egallagan. Biroq bu ko‘rsatkich endi o‘zgartishi mumkin. Ushbu ma’lumot va fikrlar bugun Milliy markazda bo‘lib o‘tgan Paxta seleksiyasi, urug‘chilig‘i va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yildagi faoliyati yuzasidan tashkil etilgan hisobot yig‘ilishida institut direktori, akademik Shodmon Namozovning taqdimotida ta’kidlandi. Chindan ham bugun xorijdan tabiiy muhitdagi stress omillar, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar kirib kelayapti, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi ham. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak, chunki ilm bir joyda depsinib turmaydi. Dunyo ilm-fani yutuqlarini qabul qilish kerak, qolaversa, raqobat bor.

Institutning ilmiy jamoasi ham o‘zbek paxta ilmining nafaqat mamlakatdagi, balki dunyodagi nufuzini oshirish maqsadida tinimsiz izlanmoqdalar, seleksiya yutuqlarini amaliyotga joriy qilmoqdalar. So‘zimiz quruq bo‘lmasin, hisobotdan olingan faktlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024-yilda g‘o‘zaning 10 ta navi yaratildigan, 6 ta nav Davlat reyestriga kiritilib, 11 ta nav uchun patent olingan. Amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalarning soni ham ortgan. Masalan, institut olimlari 2023-yilda 19 ta loyiha ustida ishlagan bo‘lsa, 2024-yilda loyihalar soni 26 tani tashkil qilgan. Izlanishlar natijasida olingan natijalar asosida 390 ta maqola chop etilgan. Ushbu maqolalarning 43 tasi Scopus va Web of Science bazasidagi nashrlarda e’lon qilingan.

Shuningdek, hisobot taqdimotida boshqa yo‘nalishlar va ishlab chiqarishdagi ko‘rsatkichlar ham yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lum qilindi. Taqdimotdan so‘ng hisobotda keltirilgan ma’lumotlar va faktlar muhokama qilindi. Yutuqlar e’tirofi barobarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilindi.

Прокрутить вверх