Sarlavhada tilga olingan tadqiqot usuli hammaga ham tanish emas. Avvalo, bu usul nima ekanligiga oydinlik kiritaylik. MAGIC (Multi-parent Advanced Generation Inter-Cross) — bu zamonaviy seleksiya usuli bo‘lib, unda bir nechta (odatda 4–8, ba’zan 16 gacha) turli genetik fondga ega navlar o‘zaro ko‘paytiriladi. Shu orqali genetik xilma-xilligi yuqori bo‘lgan yangi avlodlar yaratiladi. Usul seleksiya jarayonini tezlashtiradi, kasalliklarga chidamli, hosildor va iqlim o‘zgarishlariga bardoshli navlarni tanlab olish imkoniyatini oshiradi.
O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Bunyod G‘afforov ayni shu uslubda tadqiqot olib bormoqda. U o‘zining dastlabki natijalari xususida bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida bo‘lib o‘tgan “Doktorantlar kuni” tadbirida ekspertlar oldida taqdimot qildi.
Tadqiqot doirasida 8 xil genetik fondga ega paxta navlari tanlab olingan va ular o‘rtasida murakkab ko‘paytirish ishlari (inter-crossing) amalga oshirildi. Natijada F1 gibrid avlodlari olindi. Hozirgi paytda bu gibrid namunalar dala sharoitida ekilib, ularning agrobiologik va molekulyar xususiyatlari chuqur o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston sharoitida MAGIC texnologiyasini paxta seleksiyasiga qo‘llash ilk bor amalga oshirilayotgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi izlanishlar kelgusida yuqori hosildor, kasalliklarga chidamli va iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchan yangi paxta navlarini yaratish uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Tadbir davomida boshqa yosh tadqiqotchilar ham o‘z ishlari bilan ishtirok etdilar. Jumladan, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Gulnora Nazirova onlayn tarzda “Maqkajo‘xori nav va duragaylari ekish muddatlari, ko‘chat qalinligining o‘sishi, rivojlanishi va don hosildorligiga ta’siri” mavzusida taqdimot qildi. U o‘z izlanishlari natijasi haqida ma’lumot berdi.
Ekspertlar guruhi Bunyod G‘afforovning tadqiqotini yuqori baholadi. Gulnora Nazirovaning ishi esa hali to‘liq shakllanmagani uchun uni yana takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
“Doktorantlar kuni” yosh tadqiqotchilar uchun o‘z ishlarini namoyish qilish, ilmiy hamjamiyat bilan fikr almashish va tajribali mutaxassislardan maslahat olish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.



