
Xabar berib borayotganimizdek, bugun mamlakatimizda 7-oktabr — Butunjahon paxta kuni keng nishonlanmoqda. (https://t.me/AKIS_milliy_markaz/11914)
Sana munosabati bilan kunning birinchi qismida Toshkent davlat agrar universitetida boshlangan xalqaro anjuman ayni paytda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotehnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida davom etmoqda.
Tadbir ishtirokchilari ilmiy muassasada tashkil etilgan ko‘rgazmada institut olimlari tomonidan yaratilgan so‘nggi ilmiy ishlanmalar va innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishib, ularning mualliflari bilan suhbatlashmoqdalar.
Anjumaning ikkinchi qismida institut faoliyati, u yerda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek, paxtachilik tarmog‘ida zamonaviy agrotehnologiyalar va ilg‘or seleksiya usullarini joriy etish bo‘yicha izlanishlar haqida ma’lumot berildi.



Institut olimlari tomonidan yaratilgan yuqori hosildor, kasallik va qurg‘oqchilikka chidamli paxta navlari, ularni yaratishda qo‘llanilayotgan zamonaviy seleksiya yondashuvlari ham tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
Shuningdek, mehmonlar institutning tajriba maydonida tashkil etilgan ko‘chatzorlar, urug‘ yetishtirish maydonlari hamda tomchilatib sug‘orish tizimi asosida o‘tkazilayotgan ilmiy tajribalar bilan yaqindan tanishdilar. Olimlar mehmonlarga har bir ishlanmaning maqsadi, amaliy ahamiyati va natijalari haqida atroflicha ma’lumot berdilar.



Tadbir doirasida, shuningdek, paxta urug‘ini qayta ishlash, sertifikatlash va saqlash bo‘yicha joriy etilgan yangi texnologiyalar ham namoyish etildi. Bu yechimlar urug‘ sifatini oshirish, resurslarni tejash va ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar ilmiy muassasaning zamonaviy laboratoriyalari faoliyati bilan tanishib, olimlar bilan fikr almashdilar. Ular tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalarning mamlakatimiz paxtachiligi rivojlanishidagi ahamiyati yuqori baholandi.
Muxtasar aytganda, 7-oktabr — Butunjahon paxta kuni yurtimizda munosib tarzda nishonlandi. Zero, paxtachilik tarmog‘i mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim ustunlaridan biri sanaladi. Shu bois soha olimlari resurstejamkor va serhosil paxta navlarini yaratish hamda ilg‘or agrotehnologiyalarni amaliyotga joriy etish yo‘nalishidagi izlanishlarini izchil davom ettirmoqdalar.


