

Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi “Mirzayev Islom” fermer xo‘jaligida “Paxta yetishtirishda biologik simulyatorlardan foydalanish orqali hosildorlikni oshirish” mavzusida dala seminari o‘tkazildi.
Tadbirda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi rahbari Shuhrat Otajonov, Respublika Paxtachilik kengashi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda AKIS mutaxassislari qatnashdilar.
Seminarda biosimulyatorlardan foydalanishning afzalliklari haqida ma’lumot berildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu uslub hosildorlikni oshirish bilan birga tuproq unumdorligini saqlash va ekologik muvozanatni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Xususan, “Mirzayev Islom” fermer xo‘jaligining 33 gektarlik maydonida g‘ozaning “Sulton” navi “Biovak Y24” biosimulyatori bilan ishlov berilganida ijobiy natija kuzatildi. Tajriba davomida preparat qo‘llanilmagan nazorat maydoni ham namoyish qilinib, undagi 12 qator g‘ozaning rivoji va hosildorligi past bo‘lgani ko‘rsatildi.
Olimlar dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi texnologiya yordamida gektaridan o‘rtacha 50–60 sentner hosil olish mumkinligini ma’lum qildilar.





