Shu kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligidagi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar rahbarlaridan iborat delegatsiya Ozarbayjon Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasida agrar sohadagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Delegatsiya Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklarni himoya qilish va texnik o‘simliklar ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati hamda ushbu muassasaning ilmiy jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida urug‘chilikni rivojlantirish, o‘simliklar kasalliklari va zararkunandalarga qarshi kurashish, shuningdek, kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklarni himoya qilish va texnik o‘simliklar ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti va Paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida urug‘chilikni rivojlantirish, o‘simliklar kasallik va zararkunandalariga qarshi samarali kurashish bo‘yicha tajriba almashish, ilmiy xodimlar va doktorantlar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish hamda zamonaviy agrar texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma faoliyat yuritilishi ko‘zda tutilgan.
Bu hamkorlik O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi agrar ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi salohiyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

