
Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutida saqlanayotgan qadimiy va mahalliy ekinlarning urug‘ namunalari Norvegiyada joylashgan dunyodagi eng xavfsiz urug‘ saqlash maskani — Svalbar butunjahon urug’ saqlash genbankiga muvaffaqiyatli topshirildi.
Ushbu jarayon FAO va O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Nordic Genetic Resource Center o‘rtasidagi samarali xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi.


Bu tarixiy qadam O‘zbekistonning genetik xilma-xilligini asrash, xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va milliy genofondni kelajak avlod uchun kafolatli yetkazish borasidagi sa’y-harakatlarining yana bir muhim bosqichidir. Ushbu urug‘lar o‘zbek dehqonchilik madaniyatining tarixiy boyligi, qadimiy navlar genofondining bebaho namunalaridir.


Ma’lumot o’rnida, Svalbard Butunjahon ururg’ ombori (Svalbard Global Seed Vault) — Arktika muzliklari bag‘rida joylashgan, -18°C da ishlaydigan xalqaro urug‘ saqlash ombori bo‘lib, hozirda 1,1 milliondan ortiq urug‘ na’munalarini o‘zida jamlagan. Ushbu urug’lik ombori gen banklarida butun dunyo bo’ylab urug’larning dublikatlarini uzoq muddatli saqlash ta’minlanadi. Bu esa noto’g’ri boshqaruv, baxtsiz hodisa, uskunalarning ishdan chiqishi, moliyalashtirishning qisqarishi, urush, sabotaj, kasallik va tabiiy ofatlar tufayli o’simlik turlarini yo’qolib ketishini oldini oladi, dunyoda oziq-ovqat ta’minotining xavfsizligini ta’minlaydi.