

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Markaz direktori o‘rinbosari Oybek Amonov hamda Koreya Respublikasining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish departamenti, Milliy o‘simlik va oziq-ovqat fanlari instituti vakili Jungpil Suh va KOPIA (Korea Program on International Agriculture) markazi direktori Kim Jae Hyun o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Oybek Amonov mehmonlarga Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda tizimdagi ilmiy muassasalar faoliyati, asosiy vazifalar va amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Koreya tomonidan Jungpil Suh sholichilik sohasini rivojlantirish, yuqori hosilli va qurg‘oqchilikka chidamli yangi sholi navlarini yaratish yo‘nalishida hamkorlik imkoniyatlari haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u Koreyaning ilg‘or tajribalarini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar o‘rtasida bilim almashish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashda samaradorlikni oshirish yo‘nalishlarini muhokama qildilar.


Shuningdek, KOPIA markazi bilan Milliy markaz tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar — yangi sholi navlarini yaratish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar va agroinnovatsion bilimlarni tatbiq etish yo‘nalishlari tahlil qilindi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma tadqiqot dasturlarini kengaytirish, strategik hamkorlikni chuqurlashtirish va barqaror qishloq xo‘jaligi rivojiga xizmat qiladigan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish borasida kelishib oldilar.