
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining ishchi guruhi Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon avtonom hududiga xizmat safarini amalga oshirdi. Tashrif “Xinjiang Meifeng Seed Industry” urug‘chilik kompaniyasi hamda Shinjon Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi taklifiga binoan tashkil etildi.
Safar davomida delegatsiya “Xinjiang Meifeng Seed Industry” kompaniyasining zamonaviy urug‘chilik yo‘nalishidagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, g‘o‘zaning sho‘rga, qurg‘oqchilikka, zararkunandalar va kasalliklarga chidamli navlari, ularning xususiyatlari, agrotexnologik ishlov jarayonlari bo‘yicha tajriba almashildi.
Shinjon dala maydonlarida quyidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi:
Paxta hosildorligini 95–100 sentner/ga ga yetkazish uchun 1 gektarga 230–250 ming tup ko‘chat qalinligida, 76 sm qo‘shqator (66+10 sm) sxemada ekish;
Fuzarioz vilt, ko‘sak qurti, shira kabi kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar bilan ishlash;
Sug‘orish va o‘g‘itlashni plyonka ostidagi tomchilatib sug‘orish tizimi orqali amalga oshirish;
Vegetatsiya davrida kamida 5 marotaba o‘sishni tartibga soluvchi moddalar va biostimulyatorlar bilan ishlov berish;
Dronlar yordamida defoliatsiya, desikatsiya hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi ishlovlarni amalga oshirish;
Paxtani terimga tayyorlashda defoliantlar bilan ishlov berish.


Ishchi guruh a’zolari ushbu ilg‘or texnologiyalar g‘o‘za yetishtirishda samaradorlikni oshirish, suv va resurslardan tejamkor foydalanish, paxtachilikda yuqori sifat va hosildorlikka erishishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Xizmat safari yakunida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shinjon Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.