
Avval xabar berganimizdek, (https://t.me/AKIS_milliy_markaz/12319) bugun Milliy markazda “Sholichilikda innovatsion ilmiy yondashuv — zamon talabi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi “KOPIA” markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihaning 2025-yilgi yakuniy hisoboti tinglandi.
Dastlab, tor doirada o‘tkazilgan taqdimotda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi “KOPIA” markazi direktori Kim Jae Hyun Milliy markaz rahbariyati oldida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ikki tomonlama ilmiy loyihalar natijalari, yangicha agrotexnologiyalarni joriy etish va sholi yetishtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berib, loyiha doirasida joriy yilda Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutiga umumiy qiymati 236 000 dollar bo’lgan 15 turdagi zamonaviy texnikalar taqdim qilingani, respublikaning 7 ta viloyatida 630 gektar maydonga sholining «lazurniy» va «iskandar» navlarining super elita urug’liklari ekilib 3900 tonna elita urug’lik yetishtirilganini qayd etdi. Yetishtirilgan yuqori avlodli urug’lik kelgusida sholikorlar uchun serhosil va ishonchli urug’lik bo’lishi ta’kidlandi.



Professor Kim Jae Hyun o’z taqdimotidan so’ng samarali hamkorlik va yaratilgan qulay sharoitlar uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, Koreya tomoni agrar sohani rivojlantirishda istiqbolli loyihalar bilan hamkorlik qilishga doim tayyor ekanligini bildirdi.
Shundan so’ng, Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar markazi direktori Shodmon Namozov samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasining O’zbekistondagi «KOPIA» markazi direktori Kim Jae Hyunga Qishloq xo’jaligi vazirining ikki davlat o’rtasida agrar sohani rivojlantirishdagi say-harakatlari uchun e’lon qilingan tashakkurnomasini topshirdi.



Shundan so‘ng, loyiha doirasida mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari tadqiqot muallifari tomonidan keng doirada taqdimot qilindi.
Taqdimotlar bilan tanishgan ishtirokchilar tadbirning muhokama qismida keltirilgan ma’lumot va natijalarni deyarli barcha taqdimotlarda bir-biriga yaqin ekanligini ta’kidlab, o’z fikr mulohazalarini bildirdi.
Milliy markaz direktori Shodmon Namozov taqdimotlarda keltirilgan ma’lumotlarga o’z munosabatini bildirar ekan: «Amalga oshirilgan ishlarda avvalo, ilmiy yangilik bo’lishi va bu taqdimotlarda aks etishi, ana shundagina ilmiy-tadqiqot natija berganligini e’tirof etish mumkin. Aks holda ilm bilan ishlab chiqarish o’rtasidagi farq yo’qoladi. Shunday ekan, olimlarimiz o’z oldiga ilmiy natijani bosh reja sifatida qo’yishlari zarur», dedi.



Tadbirda soha olimlari, mutaxassislar, sholi yetishtiruvchi klasterlar vakillari va fermerlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar taqdimotchilardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusida sholing suvni kam talab qiladigan, resurstejamkor navlarini yaratish va tezroq ishlab chiqarishga joriy etish yuzasidan o’z takliflarini bildirdilar.