
Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida “Osiyo sholi tadqiqotlari bo‘yicha hamkorlik kengashi (CORRA)”ning 29-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Mazkur nufuzli anjuman Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilmoqda. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuhurov kirish so‘zi bilan ochib berdi.



U o‘z so‘zida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini, xususan, sholichilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, CORRA majlisining mamlakatimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning Osiyo mintaqasidagi ilmiy hamkorlikdagi faolligini va sholichilik sohasidagi salohiyatini e’tirof etuvchi muhim voqea ekanligini ta’kidladi.
Majlisda Xalqaro sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti (IRRI) bosh direktori Yvonne Pinto xonim, shuningdek, 15 dan ortiq sholi yetishtiruvchi mamlakatlarning yetuk mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.



Yalpi majlis doirasida Osiyoda va undan tashqarida sholichilik tarmog‘ining kelajagi va rivojlantirish yo‘nalishlari, barqaror dehqonchilikdagi innovatsiyalar, kam uglerodli guruch ishlab chiqarish, zararkunandalarga qarshi kurash, hamda salohiyatni rivojlantirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekistonning sholichilik sohasidagi yutuqlari, ilmiy-innovatsion ishlanmalari va xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Mazkur uchrashuv mintaqaviy ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yechimlar almashinuvi va barqaror oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.