Osiyo sholi tadqiqotlari bo‘yicha hamkorlik kengashi (CORRA)ning 29-yalpi majlisi davom etmoqda

Tadbir doirasida mintaqaviy ilmiy hamkorlikni kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va sholi yetishtirish tizimini ekologik barqaror asosda rivojlantirish masalalari keng muhokama qilinmoqda.

Xitoy, Malayziya, Koreya va Yaponiya vakillari o‘z taqdimotlarida sholichilik sohasidagi innovatsion tadqiqot yo‘nalishlari, ilmiy natijalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish va ilmiy institutlar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Tailand, Vetnam va Filippin mutaxassislari esa barqaror dehqonchilik va suv tejovchi texnologiyalar sohasidagi ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Ularning ta’kidlashicha, zamonaviy texnika va agrotexnologiyalar yordamida hosildorlikni oshirish bilan birga, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish mumkin.

Shuningdek, Kambodja, Indoneziya, Bangladesh, Shri-Lanka va Myanma delegatlari metan gazining chiqishini kamaytiruvchi agrotexnologiyalar, zararkunandalar va begona o‘tlarni boshqarishning samarali usullari yuzasidan o‘z ilmiy ishlanmalarini taqdim etdilar. Ushbu yondashuvlar mintaqada iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Majlis davomida O‘zbekistonning sholichilik sohasidagi so‘nggi yillardagi yutuqlari ham alohida e’tirof etildi. Xususan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan yangi yuqori hosildor, iqlimga chidamli sholi navlari, ularni yetishtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan innovatsion agrotexnologiyalar, hamda xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar ishtirokchilarga tanishtirildi.

Tadbir doirasida mintaqa davlatlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashuvni yo‘lga qo‘yish va barqaror guruch ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar ham muhokama qilinmoqda.

Kengash ish yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan tavsiyalar va qarorlar Osiyo mamlakatlarida sholichilik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlarni yanada samarali yo‘lga qo‘yish, ilmiy salohiyatni birlashtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Прокрутить вверх